Epkinlari ko'zlarimga yosh urgan,
Tovonimga tikon kirgan, tosh urgan.
So'qmoqlari tizlarimga suykalib,
Adirlari oyog'imga bosh urgan.

Har xasida yuz ming bog'ning qissasi,
Chinorlari osmonlarning hassasi.
Mamasaid bobomning obdastasi
So'risida zoru intizor turgan.

Mozorlari shomlar ichra qarorib,
Yulduzlari nurli hikmat yuborib.
Turfog'iga Olloyorlar sher qorib,
Termiziylar xayol surgan, o'y surgan.

Maysalarning tili, suvlar badani
Qanday go'zal tushungaylar Vatanni.
Ey, zanglamas qilichlarning madfani,
Bo'ronlari tulporlarga soch o'rgan.

Moziylardan tinglab haqir so'zimni,
Bir yuz kelib kuydirodi yuzimni.
Ochay desam, ocholmayman ko'zimni,
Qaldirg'ochlar qabog'imga in qurgan.










